Ko‘p odamlar chet elga o‘qishga kelishni katta yutuq deb o‘ylaydi. Instagramda suratlar, yangi davlat, yangi shahar, universitet binolari, talabalar hayoti. Odamlar tashqaridan qarab: “Vau, u Koreyada o‘qiyapti”, “U Amerikada student ekan”, deb o‘ylashadi. Lekin haqiqat shundaki, chet elga kelish va haqiqatan o‘qish — bu ikki xil dunyo. Men buni shu yerga kelganimdan keyin juda aniq tushundim. Ba’zi talabalar bor: ular chet elda yashaydi, lekin aslida ular faqat “abroad” bo‘lishmoqda. Universitetga borishadi, minimal baho olishadi, darsdan chiqib part-time ishlashadi, qolgan vaqtini telefon, serial yoki shunchaki vaqt o‘tkazish bilan o‘tkazishadi. Ularning asosiy gapi: “Men chet elda o‘qiyman”. Lekin savol boshqa: sen haqiqatan nimani o‘rganyapsan?
Men asta-sekin bir narsani tushundim: haqiqiy talabalik diplom bilan o‘lchanmaydi. Haqiqiy talabalik — bu skill bilan o‘lchanadi. Chet elda haqiqiy o‘qiyotgan talaba boshqacha yashaydi. U darsdan tashqari ham o‘rganadi. U tilni majburlab o‘rganadi, chunki tilsiz bu yerda o‘sish yo‘q. U internetda kurslar qiladi, kitob o‘qiydi, yangi texnologiyalarni o‘rganadi. Ba’zida bu juda yolg‘iz jarayon bo‘ladi. Ko‘p odamlar klubga, sayohatga yoki kafega borayotgan paytda, u kompyuter oldida o‘tiradi. Bu tashqaridan “zerikarli” ko‘rinishi mumkin. Lekin 3–4 yil o‘tib farq juda katta bo‘ladi. Bitta talaba shunchaki diplom bilan qaytadi. Boshqasi esa bilim, til, tajriba va professional skill bilan qaytadi.
Men yana bir filtrni ko‘rdim: chet el juda yaxshi sinov joyi. Bu yerda hech kim seni majburlamaydi. Ota-onang yo‘q, eski do‘stlar yo‘q, seni nazorat qiladigan muhit yo‘q. Sen o‘zingni o‘zing boshqarasan. Shuning uchun bu yerda odamlar ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh — imkoniyatni ishlatadiganlar. Ular til o‘rganadi, yangi soha o‘rganadi, global fikrlashni o‘rganadi. Ikkinchi guruh esa shunchaki vaqt o‘tkazadi. 4 yil o‘tadi, lekin ular kelgan joyida qoladi. Farq faqat universitetda emas, farq mentalitetda. “Men faqat o‘qishga keldim” degan odam bilan “men o‘zimni yangi darajaga olib chiqish uchun keldim” degan odamning yo‘li butunlay boshqa.
Shuning uchun men o‘zimga tez-tez savol beraman: men shunchaki chet elda yashayapmanmi yoki haqiqatan o‘rganayapmanmi? Bu savol og‘ir, lekin kerakli savol. Chunki chet elga kelish — bu imkoniyat. Lekin imkoniyatning o‘zi hech narsani o‘zgartirmaydi. Uni ishlatish kerak. Aks holda odam faqat joyini o‘zgartiradi, hayotini emas.
Agar chet eldagi real talabalik hayoti, tajribalar va ochiq fikrlar qiziq bo‘lsa, boshqa postni ham o‘qing.
Va ko‘proq real hikoyalar uchun Telegramga qo‘shiling:
👉 @odilxanivich
