Koreyada Coupang Eats va Baemin: xorijiy ishchi uchun to'liq qo'llanma

By Odilxanivich · IELTS · TOEIC · TOPIK Instructor, South Korea2025-05-20

Koreyaga yangi kelgan odam birinchi haftalarda ikki narsadan qo'rqadi: avtobus raqamini tushunmaslik va ilovadan ovqat buyurtma qilolmaslik. Ikkinchisi aslida ancha oson — ammo faqat bir necha narsani bilsang. Koreyada ovqat yetkazib berish bozorida ikki katta o'yinchi bor: Baemin (배달의민족) va Coupang Eats (쿠팡이츠). Baemin — eng katta va eng ko'p restoran tanlovi bor ilova, shahar markazlarida kechki payt deyarli har qanday taom 30–45 daqiqada yetadi. Coupang Eats esa tezligi bilan mashhur — ko'p hollarda 20–30 daqiqa, va agar siz Coupang WOW member bo'lsangiz (oyiga 7,890 won), har bir buyurtmada yetkazib berish narxi 0 won bo'ladi. Bu membership Coupang shopping, Coupang Play streaming, va Coupang Eats uchun bir vaqtda ishlaydi — hisoblab ko'rsangiz, haftasiga ikki marta ovqat buyurtma qilsangiz, o'zi o'zini to'laydi. Xorijiy kartangiz bilan to'lash texnik jihatdan mumkin — Coupang Eats buni qo'llab-quvvatlaydi, lekin ba'zan xato chiqadi. Shuning uchun koreya bank kartasi bo'lsa, hayotingiz ancha osonlashadi. Baemin ilovasida inglizcha interfeys cheklangan, lekin Coupang Eats oxirgi yangilanmalaridan so'ng ba'zi menyu bo'limlarini ingliz tiliga tarjima qila boshladi.

Koreyada Coupang Eats va Baemin ilovasidan ovqat buyurtma qilish

Amaliyotda eng ko'p muammo chiqadigan joy — manzil kiritish va yetkazuvchiga xabar yozish. Agar birinchi marta buyurtma bersa, manzilingizni aniq kiritishingiz lozim: bino raqami, dong nomi, va zarur bo'lsa qo'shimcha ko'rsatma. Yetkazuvchiga so'rov maydonida shu iborani nusxa oling va yozing: "문 앞에 두고 벨 눌러주세요" — bu "eshik oldiga qo'yib, qo'ng'iroq chaling" degani, va deyarli hamma yetkazuvchi buni qiladi. O'zbek taomini qidirsangiz — "우즈베키스탄 음식" deb qidiring, ayniqsa Ansan, Suwon, Gwangju va Seul ba'zi tumanlarida o'zbek restoranlari Baemin va Coupang Eats ikkalasida ham topiladi. Eng ko'p qilinadigan xato: uy manzilini koreyscha to'g'ri kiritmaslik va buyurtma yo'qolib ketishi. Ilovani o'rnatishdan oldin Google Maps bilan manzilingizni koreyscha yozib oling va shuni nusxa olib ishlating. Ovqat kelib, eshik oldida soviyotgan payt — bu odatda siz manzilni noto'g'ri yozganingiz belgisi, yetkazuvchini xatosimas.

📩 Telegram: https://t.me/odilxanivich


Keyingi maqolada: Koreyada SIM karta olish — qaysi operator, qaysi do'kon, pasport bilan bo'ladimi → o'qish uchun →

Savol yoki sharhlaringiz bo'lsa — Telegramda yozing: @odilxanivich 🇰🇷