Ko‘pchilik sayt ochadi — pul topish uchun, trend uchun yoki shunchaki boshqalar qilayotgani uchun. Men esa odilxanivichinkorea.com ga boshqa sabab bilan qo‘l urdim. Menga platforma kerak edi — fikrlarimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, filtrsiz yozish uchun. Bugungi kunda odamlar ko‘p gapiradi, lekin kam odam o‘z fikrini ochiq va aniq ayta oladi. Ijtimoiy tarmoqlarda hamma o‘zini yaxshi ko‘rsatadi, lekin ichidagi haqiqiy fikrlarni yashiradi. Men esa aksincha qilishni xohladim: real hayotni, qiyinchilikni, xatolarni va o‘sishni ko‘rsatish. Bu sayt men uchun “perfect” joy emas — bu real joy. Bu yerda men ideal odam emasman, balki har kuni o‘sishga harakat qilayotgan oddiy odamman. Va eng muhimi — bu loyiha meni majbur qiladi: yozishga, o‘ylashga, o‘zimni tartibga solishga. Chunki yozayotgan odam o‘zini aldolmaydi.
Yana bir sabab — bu shaxsiy brend. Bugungi dunyoda sen kim ekanligingni sen aytmasang, boshqalar aytadi. Agar sen o‘zingni ko‘rsatmasang, sen yo‘qsan. Shu sababli bu sayt — mening ovozim. Men qayerdaman, nimani o‘ylayapman, nimani o‘rganayapman — bularning hammasi shu yerda. Bu loyiha darrov natija bermasligi mumkin, lekin u vaqt o‘tishi bilan qiymat yig‘adi. Har bir maqola — bu bir g‘isht. Bugun kichik ko‘rinadi, lekin ertaga bu katta narsaga aylanishi mumkin. Eng katta xato esa boshlamaslik. Ko‘pchilik kutadi: ideal vaqtni, ideal g‘oyani, ideal sharoitni. Men esa boshlashni tanladim. Chunki boshlagan odam oldinga yuradi, qolganlar esa yana o‘sha joyda qoladi.
Ko‘proq ochiq fikrlar uchun Telegramga qo‘shiling:
👉 @odilxanivich
