Ko‘pchilik chet elda o‘qish haqida o‘ylaganda birinchi savol shunday bo‘ladi: top universitetga kirish kerakmi yoki oddiy universitet ham yetarlimi? Internetda yoki reklamalarda ko‘pincha “top universitet”, “global universitet”, “prestijli ta'lim” kabi so‘zlarni ko‘rasiz. Lekin aslida bu tushunchalar har doim ham bir xil ma'noni bermaydi. Haqiqiy top universitetlar dunyo reytinglarida yuqori o‘rinlarda turadi, ilmiy tadqiqotlari kuchli bo‘ladi, professorlari global darajada tanilgan bo‘ladi va u yerda o‘qigan talabalar ko‘pincha katta kompaniyalarga yoki akademik sohalarga kirish imkoniga ega bo‘lishadi. Ammo ba'zan universitetlar marketing orqali o‘zlarini “top” deb ko‘rsatishga harakat qiladi. Bu universitetlar reklama, chiroyli kampuslar yoki xalqaro talabalar soni bilan o‘zini yaxshi ko‘rsatadi, lekin real akademik daraja u qadar kuchli bo‘lmasligi mumkin. Yana bir kategoriya bor — oddiy yoki past reytingli universitetlar. Bu degani ular yomon degani emas, lekin ularning resurslari, tadqiqot darajasi va global tanilishi odatda pastroq bo‘ladi. Ko‘p xalqaro talabalar aynan shu universitetlarga kiradi, chunki kirish talablari osonroq va kontrakt narxi ham ba'zan arzonroq bo‘ladi.
Haqiqiy top universitet bilan oddiy universitet o‘rtasidagi eng katta farqlardan biri — imkoniyatlar. Top universitetlarda laboratoriyalar, grantlar, tadqiqot loyihalari va xalqaro professorlar ko‘p bo‘ladi. Talabalar ko‘pincha katta kompaniyalar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Masalan, texnologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan talaba startuplar, research lablar yoki global kompaniyalar bilan aloqaga chiqishi mumkin. Bu esa bitiruvdan keyin ish topish imkoniyatini oshiradi. Oddiy universitetlarda esa ko‘pincha asosiy e'tibor darslarga qaratiladi va tadqiqot imkoniyatlari kamroq bo‘ladi. Biroq bu hamma narsani hal qilmaydi. Ba'zi talabalar oddiy universitetda o‘qib ham katta muvaffaqiyatlarga erishishadi. Sababi — insonning o‘zi ustida ishlashi. Agar talaba mustaqil ravishda yangi bilim o‘rganib, loyihalar qilsa va tajriba yig‘sa, universitet nomidan qat’i nazar yaxshi natijaga erishishi mumkin.
Yana bir muhim narsa — ba'zi universitetlar o‘zini “top” deb atashi mumkin, lekin bu ko‘pincha marketing strategiyasi bo‘ladi. Ko‘p xalqaro talabalarni jalb qilish uchun universitetlar ingliz tilidagi dasturlarni ochadi, reklama qiladi va global brend sifatida ko‘rinishga harakat qiladi. Lekin talaba kelgandan keyin real ta'lim sifati u kutganchalik yuqori bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun universitet tanlashda faqat reklama yoki chiroyli web saytga qarab qaror qilish to‘g‘ri emas. Talabalar reytinglar, bitiruvchilarning ish topish darajasi, professorlar faoliyati va tadqiqot darajasini ham tekshirishi kerak. Eng to‘g‘ri qaror — universitet nomiga emas, balki siz u yerda nima qilishingizga qarash. Agar siz faol bo‘lsangiz, loyihalar qilsangiz va o‘zingizni rivojlantirsangiz, hatto oddiy universitet ham siz uchun katta imkoniyatga aylanishi mumkin.
Agar sizga chet elda o‘qish, universitet tanlash va talaba hayoti haqida ko‘proq real maqolalar qiziq bo‘lsa, keyingi blog postni ham o‘qishni unutmang. Bu blogda Koreyada o‘qish, ishlash va chet eldagi talaba hayoti haqida ko‘plab foydali ma'lumotlar bo‘ladi.
📩 Telegram orqali ham kuzatib boring: @odilxanivich
