Universitet Nega Hamma O‘ylagandek Najot Yo‘li Emas?

By Odilxanivich · IELTS · TOEIC · TOPIK Instructor, South Korea2026-03-27
Koreya hayoti

Universitet haqida gap ketganda odamlar odatda bitta chiroyli hikoyani sotib olishadi: “bor, o‘qigin, diplom olgin, keyin yaxshi ish topasan, keyin hayot joyiga tushadi.” Qog‘ozda bu juda toza ko‘rinadi, lekin real hayot qog‘oz emas. Real hayotda vaqt bor, inflyatsiya bor, qarz bor, oila bosimi bor, psixologik charchoq bor, va eng muhimi — har bir yilning o‘z narxi bor. Universitet har doim ham scam emas, lekin u ko‘pincha odamga sotilgan kafolat bilan ishlamaydi. Ya’ni muammo bilim olishda emas, muammo tizimning “sen bu yerga kirib, faqat chiqib ketadigan bo‘lsang bo‘ldi” degan yolg‘on xavfsizlik hissida. Ko‘p yoshlar universitetga kiradi, lekin qaysi kasbga borayotganini, bozor nimani so‘rayotganini, diplomdan keyin kim unga ish berishini, o‘sha to‘rt yil ichida qanday ko‘nikma yig‘ishini aniq bilmaydi. Natija shundaki, ular yillarini sarflaydi, pul to‘laydi, keyin esa bozor ularni “sen endi boshlang‘ich darajadasan” deb kutib oladi. Shu paytda odam tushunadi: muammo universitetning o‘zida emas, muammo shundaki, bizga universitet hayotning yagona yo‘li deb o‘rgatilgan. Aslida esa bu faqat yo‘llardan biri, va u hamma uchun bir xil ishlamaydi. Kimdir uchun u kuchli start bo‘ladi, kimdir uchun esa juda qimmat kechiktirish bo‘ladi. Va eng achinarlisi — ko‘pchilik universitetga bilim uchun emas, qo‘rquv uchun kiradi: ish topolmaslikdan qo‘rqadi, ota-onani xafa qilishdan qo‘rqadi, “hamma kirayapti, men ham kirishim kerak” degan bosimdan qo‘rqadi. Shuning uchun bu yo‘l ko‘pincha ongli tanlov emas, jamiyatning avtomatik rejimi bo‘lib qoladi.

Nima uchun boylar va biznesmenlar ko‘pincha universitetni birinchi o‘ringa qo‘ymaydi? Chunki ular hayotni romantik ko‘rmaydi, ular hisob-kitob bilan ko‘radi. Ular uchun savol “diplom bor-mi?” emas, savol “sen qiymat yarata olasanmi?”, “muammo yecha olasanmi?”, “pul olib keladigan tizim qura olasanmi?” bo‘ladi. Ular biladi: real dunyoda pulni diplom emas, natija olib keladi. Albatta, ayrim kasblar uchun universitet kerak, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin biznes dunyosida ko‘p narsani tezlik yutadi, moslashuvchanlik yutadi, sotish qobiliyati yutadi, texnik ko‘nikma yutadi, aloqa yutadi, tavakkalni boshqarish yutadi. Boy odamlar ko‘pincha “yana 4 yil kut” degan fikrga ishonmaydi, chunki biznesda to‘rt yil — bu katta davr. Shu vaqt ichida kimdir kichik loyiha ochadi, mijoz topadi, mahsulot yaratadi, brend quradi, tajriba yig‘adi va bir necha marta yiqilib turadi. Universitet esa ko‘p hollarda seni sekinlashtiradi: dastur bor, jadval bor, imtihon bor, lekin bozor ritmi boshqacha. Bozor tez yuradi, universitet esa ko‘pincha sekin. Shu sabab boylar “faqat diploma” degan narsaga ko‘r-ko‘rona sig‘inmaydi. Ular uchun diploma — imkoniyatlardan biri, lekin hayotning markazi emas. Va shuning uchun oddiy odam ham bir savolni jasorat bilan berishi kerak: men universitetga haqiqatan ham kerakli ko‘nikma uchun ketyapmanmi, yoki faqat vaqtni sotib, keyin nimadir o‘zgarishini kutyapmanmi? Chunki eng katta risk — bu universitetga kirish emas. Eng katta risk — yillarni berib qo‘yib, oxirida bozorda keraksiz bo‘lib qolish.

📩 Telegram orqali ham kuzatib boring: @odilxanivich

Odilxanivich

Odilxanivich

IELTS · TOEIC · TOPIK Instructor · South Korea

International language instructor based in South Korea. Helping students worldwide achieve top scores in IELTS, TOEIC, and TOPIK through real strategies and first-hand teaching experience.

Learn more →